11.11 gacha ikki haftadan sal kamroq, Qora jumagacha — bir oy, Yangi yilgacha — ikki oy qoldi. Bu chakana savdo, umumiy ovqatlanish va onlayn do‘konlar uchun yilning eng daromadli haftalari. Va reklama uchun eng qimmat haftalar: lentada xaridor e’tibori uchun hamma bir vaqtda kurashadi.

O‘zbekistonda xaridor mavsumni kutishga allaqachon o‘rgangan. Uzum ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilgi 11.11 chegirmalarida xaridorlar Uzum Market va Uzum Tezkor’da 2,4 mln dan ortiq buyurtma berishgan. O‘rtacha chek o‘tgan yilga nisbatan 27% oshgan, chegirmadagi tovarlar esa uch baravar ko‘paygan — 500 mingdan ortiq. Odamlar katta xaridlarni chegirmalarga qoldiradi va agar sizni bu kunlarda ko‘rishmasa, ular ko‘rinib turganlardan sotib olishadi.

Quyida — mavsum kalendari, haftalik reja, oddiy chegirmadan yaxshiroq ishlaydigan takliflar va har noyabrda biznes pul yo‘qotadigan xatolar.

2026-yil mavsum kalendari

SanaSababKim uchun ayniqsa muhim
11-noyabr, chorshanba11.11 — Butunjahon xarid kuniMarketpleyslar, elektronika, kosmetika, kiyim, ovqat yetkazib berish
27-noyabr, jumaQora jumaTexnika, mebel, kiyim, katta xaridlar
30-noyabr, dushanbaKiberdushanbaOnlayn do‘konlar, obunalar, servislar
12-dekabr, shanba12.12 — chegirmalarning ikkinchi to‘lqiniMarketpleyslar va onlayn do‘konlar
Butun dekabrSovg‘alar, korporativlar, bayram dasturxoniRestoranlar, kafelar, ichimliklar, shirinliklar, sovg‘a to‘plamlari, B2B sovg‘alar
31-dekabrYangi yilHis-tuyg‘u va sovg‘a sotadigan barcha

Hammasida qatnashish shart emas. Mahsulotingizga mos bir-ikkita sababni tanlang va ularni puxta qiling. Restoran uchun dekabr va korporativlar muhimroq, texnika do‘koni uchun — 11.11 va Qora juma.

Nega noyabrda reklama qimmatlashadi

Instagram va Facebook’da reklama auksionda sotiladi. Bir kunda bir xil auditoriyaga qancha ko‘p kompaniya chiqmoqchi bo‘lsa, har bir ko‘rsatish shuncha qimmatga tushadi. Noyabr va dekabrda deyarli hamma reklama ishga tushiradi — ming ko‘rsatish narxi o‘sadi, ayniqsa chegirma kunlarining o‘zida.

Bundan asosiy xulosa: asosiy tayyorgarlikni auksion qizib ketmasdan oldin qilish kerak. Kim oldindan auditoriya yig‘gan bo‘lsa — obunachilar, video ko‘rganlar, direktga yozganlar yoki saytga kirganlar — chegirma kuni reklamani «iliq» odamlarga ko‘rsatadi. Bu hamma bilan birga sovuq auditoriyani ovlashdan arzonroq va ko‘proq sotuv beradi.

Haftalik reja

1-noyabrgacha: taklif va kreativlar

Aynan nima taklif qilishingiz va qaysi sanagacha ekanini hal qiling. Marjani hisoblang: 40% ustamali tovarga 30% chegirma deyarli foyda qoldirmaydi. Video va fotolarni oldindan suratga oling — noyabrda prodakshn jamoalarida bo‘sh kun bo‘lmaydi.

2–10-noyabr: qiziqtirish va auditoriya yig‘ish

Storis va Reels’da e’lonlar: «11-noyabr — siz kutgan kun». Konkurs, so‘rovnoma, Telegram’da kutish ro‘yxati, obunachilar uchun erta kirish. Haftaning vazifasi — iloji boricha ko‘proq odam ko‘rishi, obuna bo‘lishi, yozishi. Aynan ularga chegirma kuni reklama ko‘rsatasiz.

10–11-noyabr: asosiy byudjet

Yig‘ilgan auditoriyaga reklamani yoqasiz, taklifni hamma joyda bir vaqtda e’lon qilasiz: lenta, storis, Telegram kanal, xabarnoma, marketpleys. Bu kunlarda sotuv bo‘limi tanaffussiz ishlaydi — so‘rovlar ertalabgacha kutmasligi kerak.

12–26-noyabr: yakunlash va Qora jumaga tayyorgarlik

Ko‘rgan, lekin sotib olmaganlarga reklama. Birinchi xaridorlarning sharhlari va unboxing videolari. Parallel ravishda — 27-noyabr uchun yangi kreativlar: o‘sha taklif o‘sha rasmlarda ikkinchi marta yomonroq ishlaydi.

Dekabr: sovg‘alar va Yangi yil

Sovg‘a to‘plamlari, sertifikatlar, korporativ buyurtmalar — ular dekabrning birinchi kunlaridan tanlana boshlaydi, B2B sovg‘alar esa undan ham oldinroq kelishiladi. Bayramdan oldingi oxirgi kunlar — ulgurmaganlar uchun: tezkor yetkazib berish, «5 daqiqada sovg‘a».

Faqat chegirma emas: ishlaydigan takliflar

Yuzlab «−50%» fonida chegirma ajratib ko‘rsatmay qo‘yadi. Bundan tashqari, hozir kreditlar qimmat va xaridor pulni sinchiklab hisoblaydi — bu haqda Markaziy bank stavkasi bo‘yicha prognozda yozgan edik. Chegirma o‘rniga yoki u bilan birga nimani taklif qilish mumkin:

Halol narx katta raqamdan muhimroq

Chegirmadan oldin narxni ko‘tarib, keyin «tushirmang». Xaridorlar narxlarni solishtiradi va bu haqda izohlarda yozadi — bitta shunday skrinshot butun kampaniyani yo‘qqa chiqaradi.

Qanday kreativlar tayyorlash kerak

  1. 10–20 soniyalik qisqa Reels. Taklif va narx — birinchi 2 soniyada, keyin — tovar qo‘lda, ishda, odamda.
  2. Ikki tildagi versiya. O‘zbek va rus tillarida — bu turli auditoriyalar, har biri o‘z tiliga yaxshiroq javob beradi.
  3. Teskari sanoqli storis. Chegirma boshlanishigacha taymer-stiker va X kuni eslatma.
  4. Stok o‘rniga haqiqiy odamlar. Xodimlar, xaridorlar, unboxing. Bunday video lentadagi oddiy post kabi ko‘rinadi va reklamadan uzoqroq ko‘riladi.
  5. Bitta taklifning bir nechta varianti. 3–4 ta kreativ ishga tushiring va bir-ikki kundan keyin so‘rovni arzonroq berayotganlarini qoldiring.

Agar blogerlarni jalb qilsangiz, hozir kelishib oling: noyabrda ularning jadvali band, narxlar esa o‘sadi. Blogerlardagi reklama qoidalarini unutmang — batafsil «Blogerlardagi reklama: 2026-yil qoidalari» maqolasida.

Pul yo‘qotiladigan beshta xato

  1. 10-noyabrda boshlash. Qiziqtirishsiz reklama eng yuqori narxda sovuq auditoriyaga ketadi.
  2. Hisob-kitobsiz chegirma. Sotuv ko‘p, foyda yo‘q. Marjani ishga tushirishdan oldin hisoblang.
  3. So‘rovlarga javob beradigan odam yo‘q. Reklama odamlarni kechqurun va dam olish kunlari olib keladi, javob beradigan esa yo‘q. Bir kundan keyin javob berilgan so‘rov odatda allaqachon yo‘qotilgan.
  4. Butun mavsumga bitta kreativ. Auditoriya bitta rasmdan bir necha kunda charchaydi.
  5. Kontaktlarni yig‘maslik. 11.11 da sotib olganlar — Qora juma va Yangi yil uchun eng yaxshi auditoriya. Ularni Telegram kanal yoki bazada saqlang.

Shu haftaga chek-list

Manbalar (rus tilida): Spot.uz — Uzum’dagi 11.11 chegirmalari yakunlari (reklama materiali); Spot.uz — Uzum Market kuzgi chegirmalari 2025; Kursiv Uzbekistan — Uzum 2025-yil yakunlari.